AQSH va Qozog‘iston lokomotivlarni yetkazib berish bo‘yicha 4 milliard dollarlik «eng yirik» kelishuvni imzoladi. Bu haqda AQSH Savdo vaziri Govard Latnik (Howard Lutnick) o‘zining X akkauntida ma’lum qildi.
Kelishuv AQSH prezidenti Donald Tramp va uning qozog‘istonlik hamkasbi Qosim-Jomart To‘qayev o‘rtasidagi suhbatdan so‘ng tuzilgan.
«Bizning temir yo‘l sohamiz faqat elektr poyezdlariga o‘tayotgani uchun adolatsiz hujumlarga uchragan bo‘lsa-da, bu bitim bizning eng muhim tarmoqlarimizdan biriga katta yordam beradi», — dedi vazir.
Unga ko‘ra, lokomotivlar Yevropa va Osiyo orqali o‘tadigan transport yo‘lagini rivojlantirish uchun ishlatiladi.
«Gap dunyoda yetakchilik qilayotgan Amerika innovatsiyalari, Texas va Pensilvaniyadagi minglab ish o‘rinlarini qo‘llab-quvvatlash hamda AQSH-Qozog‘iston hamkorligini mustahkamlash haqida ketmoqda», — deb yozadi Savdo vaziri.
U kelishuvda Amerikaning qaysi kompaniyalari ishtirok etayotgani va ularning lokomotiv ishlab chiqarishdagi roli qanday ekanligiga aniqlik kiritmagan.
Ayni vaqtda Oqo‘rdaning aniqlik kiritishicha, gap Amerikaning Wabtec kompaniyasi haqida ketmoqda. Kompaniya bilan imzolangan 4,2 milliard dollarlik shartnoma Qozog‘istonda yaxshilangan 300 ta yuk lokomotivlarini ishlab chiqarish va texnik xizmat ko‘rsatishni nazarda tutadi.
Wabtec — transport texnologiyalari sohasida tan olingan jahon yetakchisi hisoblanadi. Bu Qozog‘iston temir yo‘l sanoatini modernizatsiya qilishdagi asosiy hamkorlardan biri, deyiladi bayonotda.
Ostonada 2009 yildan buyon Wabtec Kazakhstan lokomotiv yig‘ish zavodi faoliyat ko‘rsatadi. U ishga tushirilgandan buyon KTJ eksport uchun 600 dan ortiq teplovoz ishlab chiqardi. Hozirda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasi 45 foizga yetgan. O‘tgan yili Amerika kompaniyasi mamlakatda innovatsiyalarni joriy etish va kadrlar tayyorlash uchun texnologiya va muhandislik markazini ochdi (ya’ni lokomotivlar Amerika texnologiyasidan foydalangan holda Amerika kompaniyasiga tegishli zavodda ishlab chiqariladi, lekin Qozog‘iston hududida – tahr. izohi).
Lokomotiv kelishuviga Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning Nyu-Yorkka amaliy tashrifi chog‘ida erishildi.
 
	 
			 
			 
			 
			 
			 
			


