Tramp «Bagram» aviabazasini AQSHga qaytarishni talab qilganidan so‘ng toliblar terrorchilik hujumlari bilan tahdid qilishdi

Donald Tramp. 20 sentyabr kuni jurnalistlar bilan bo‘lgan uchrashuvi videosidan kadr

Afghanistan International ma’lumotlariga ko‘ra, toliblar* AQSH prezidenti Donald Tramp «Bagram» havo bazasini Vashingtonga qaytarishni talab qilganidan so‘ng o‘z hokimiyatini himoya qilish uchun xudkushlik hujumlarini qayta boshlashga tayyor ekanliklari haqida ogohlantirdi.

Tramp bu haqda 19 sentyabr kuni Londonga tashrifi chog‘ida bayonot bergandi. Ertasi kuni u Kobul rad javobini bersa, Vashington kuch ishlatishni istisno qilmasligini tasdiqladi.

«Agar Afg‘oniston Bagram aviabazasini qurganlarga, ya’ni Amerika Qo‘shma Shtatlariga qaytarib bermasa, yomon narsalar sodir bo‘ladi!!!»,— deb yozgan Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

O‘sha kuni «Tolibon»* nazoratidagi telekanal ko‘pincha «xudkushlik hujumlari me’mori» deb atalmish guruhning razvedka bo‘yicha boshlig‘i o‘rinbosari Tojmir Javadning bayonoti aks etgan audiorolikni efirga uzatdi. Javad toliblar hokimiyatga kelish uchun xudkushlik hujumlaridan foydalanganini va nazoratni saqlab qolish uchun yana bu usuldan foydalanishga tayyorligini bildirdi. U «Tolibon»ning omon qolishi uchun o‘zini «bo‘lak-bo‘lak» qilib qurbon qilishga va’da berdi va raqiblarini «kofir va bosqinchilar» deb atadi. Javod Trampni to‘g‘ridan to‘g‘ri tilga olmadi, biroq uning so‘zlari AQSH prezidentining izohlariga yashirin javob sifatida qabul qilindi.

“Tolibon” rahbariyati o‘z bayonotida Vashingtonni “realist va oqilona” bo‘lishga chaqirib, kuch ishlatilgan paytda janjal kuchayishi xavfiga shama qilgan.

«Eslatib o‘tamiz, Doha kelishuviga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar «Afg‘onistonning hududiy yaxlitligi yoki siyosiy mustaqilligiga qarshi kuch ishlatmaslik yoki tahdid qilmaslik yoki uning ichki ishlariga aralashmaslik» majburiyatlarini olgan. Shuning uchun ular o‘z majburiyatlariga sodiq qolishlari shart», — deyiladi bayonotda.

Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Zokir Jalol mamlakat xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik qilishga tayyorligini, biroq AQSHning har qanday harbiy ishtiroki istisno etilishini va bu Kobul tomonidan qabul qilinmasligini aytgan.

ℹ️ Bagram aviabazasi — Afg‘onistondagi harbiy aerodrom, Bagram shahri yaqinida joylashgan. U 1950 yillari Sovet Ittifoqi tomonidan qurilgan. 1979-1989 yillari Afg‘onistondagi urush paytida u Sovet qo‘shinlari uchun asosiy bazaga aylangan. 2001 yili Bagram AQSH nazorati ostiga o‘tadi va amerikaliklar 2021 yil iyulida xorijiy qo‘shinlar Afg‘onistondan olib chiqib ketilishi chog‘ida havo bazasini tark etishadi va bu toliblarning hokimiyat tepasiga kelishi bilan yakunlanadi. Tramp havo bazasini qaytarib olish istagini Bagramdan 500 mil uzoqlikda joylashgan «Xitoy yadro qurolini ishlab chiqaradigan joylarni»ni kuzatish zarurati bilan izohlagan.

*Ko‘pgina mamlakatlarda terrorchi sifatida tan olingan va taqiqlangan tashkilot.