Islom tarixi, san’ati va madaniyati tadqiqot markazi (IRCICA) ning Markaziy Osiyo bo‘yicha rahbari Ashirbek Mo‘minov va Qohira universiteti professori Jalol Said Al-Hafnaviy Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyiga tashrif buyurdi. Bu haqda Markaz matbuot xizmati xabar berdi.
Mehmonlar binoning arxitekturasi, ko‘rgazma zallari, Markazning rejalari bilan tanishtirildi. Ular Markazning ICESCO, UNESCO, TURKSOY va IRCICA kabi xalqaro tashkilotlar faoliyati uchun zallar yaratishni o‘z ichiga olgan rejalariga yuqori baho berdilar.
Ashirbek Mo‘minov ko‘rgazmalarda qo‘yilgan materiallar va ilmiy sharhlar Markaziy Osiyo tarixi bilan cheklanib qolmasdan, mintaqaning butun islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasini ochib berishini ta’kidladi. Olimlar Hazrati Imom majmuasi yaqinida o‘n gektarga yaqin maydonda barpo etilgan majmua, unga tutash institut va masjid tengi yo‘q madaniyat markazi ekanligini ta’kidladilar.
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurilmoqda. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etilmoqda. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Markazning eng asosiy qismida Qur’oni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda 460 o‘rinli anjumanlar zali ham qurib bitkazildi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.



