Namangan aeroportida ikkita yangi – yo‘lovchi va yuk terminali qurilmoqda. Ushbu loyiha 140 million dollar sarmoya evaziga amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 sentyabr kuni aeroportdagi qurilish ishlari bilan tanishdi, deb xabar qiladi uning matbuot xizmati.
Ta’kidlanishicha, loyiha respublika rahbariga o‘tgan yili viloyatga tashrifi chog‘ida taqdim etilgan. Bugungi kunda bunyodkorlik ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
Modernizatsiyaning dolzarbligi Namangan aeroportining ortib borayotgan yuklarga bardosh bera olmasligi bilan izohlanadi. Shu bois yo‘lovchi tashish hajmini 2,5 barobar oshirish imkonini beruvchi uch qavatli yangi terminal qurishga qaror qilingan. Binoda chegara nazorati va viza bo‘limlari, biznes zali, savdo va ovqatlanish shoxobchalari, tibbiyot xonasi, Duty free do‘konlari zamonaviy tashkil etiladi.
Shuningdek, aeroportda ulkan yuk terminali qurilmoqda. U kuniga 50 tonna yuk tashish va 90 ta mamlakatga eksport qilish imkonini beradi. Eng muhimi, bu orqali vodiyda yagona kargo tizimi yaratiladi. Hududning biznes, eksport va tranzit salohiyati oshadi.
Masalan, bu yil Namangan viloyatiga 1,5 million xorijiy va 2 milliondan ortiq mahalliy sayyohlarni jalb qilish, xizmatlar eksportini 210 ming dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Aeroportda maxsus servis texnikalari ham yangilanadi. Bu turli hajmdagi samolyotlarni qabul qilish va ularga xizmat ko‘rsatish imkonini beradi. Shuningdek, keytering, yonilg‘i quyish majmuasi va boshqa xo‘jalik binolari quriladi. Yangi terminallar kelgusi yil ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.
Mutasaddilarga ko‘ra, yangi terminallar kelgusi yili foydalanishga topshiriladi.
Mirziyoyev aeroport yaqinidagi hududni har tomonlama rivojlantirish zarurligini ta’kidladi. Masalan, bu yerda zamonaviy mehmonxonalar, savdo va ko‘ngilochar markazlar, sayyohlar va mahalliy aholiga keng turdagi xizmatlar ko‘rsatuvchi korxonalar paydo bo‘lishi kerak.
Prezident avtoturargoh va servis obyektlarini tashkil etib, mehmonlar uchun qulayliklarni kengaytirish vazifasini qo‘ydi



