Rossiya prezidenti Vladimir Putin migratsiya oqimini tartibga solishning strategik maqsadlari, tamoyillari va yo‘nalishlarini belgilab beruvchi «Rossiya Federatsiyasining 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan davlat migratsiya siyosati konsepsiyasi»ni tasdiqladi. Farmon 15 oktyabr kuni imzolangan.
Hujjatda migratsiya oqimlarini yanada qat’iy tartibga solishga o‘tish, davlat organlarining nazoratni har tomonlama raqamlashtirish, ishchi kuchini tanlab yollash, chet el fuqarolariga nisbatan qat’iy talablarga e’tibor qaratish belgilangan. Unda Konsepsiya Milliy xavfsizlik strategiyasi, 2030-yilga qadar davlat madaniyat siyosati strategiyasi va boshqa muhim strategik hujjatlar qoidalariga, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy va demografik vaziyatdagi o‘zgarishlarga muvofiq ishlab chiqilgani alohida ta’kidlangan.
Hujjatga ko‘ra, Rossiyaning migratsiya siyosatining maqsadlari quyidagilardan iborat:
▶️ Huquqiy, tashkiliy va boshqa mexanizmlarni ishlab chiqish va takomillashtirish:
▪️ Chet elda yashovchi vatandoshlarni doimiy yashash uchun Rossiyaga ixtiyoriy ravishda ko‘chirish;
▪️ Rossiyaning an’anaviy ma’naviy-axloqiy qadriyatlarini hurmat qilgan holda, sarmoyalari, kasbiy bilimi, ko‘nikma va tajribasi iqtisodiyot, fan, ta’lim, madaniyat va san’atning o‘sishiga hissa qo‘shadigan chet el fuqarolarini jalb qilish;
▪️ Rossiya bilan biznes, ilmiy, madaniy va boshqa aloqalarni rivojlantirish, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish, mamlakatning rus tili, tarixi va madaniyatini o‘rganishdan manfaatdor bo‘lgan xorijliklarning kirishi va vaqtincha yashashi uchun shart-sharoitlarni ta’minlash;
▪️ Rossiya iqtisodiyotining malakali va malakasiz ishchi kuchiga real ehtiyojlarini hisobga olgan holda mehnat migratsiyasini tartibga solish, shu bilan birga chet elliklarni jalb qilish tartib-taomillarining shaffofligini ta’minlash, shuningdek, ushbu jarayonlarni samarali monitoring qilish va boshqarish;
▪️ Chet el fuqarolarining shaxsini va malakasini, jumladan, biometrik ma’lumotlarni to‘plash, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, ma’lumoti, kasbiy tajribasi va boshqa xususiyatlarini tasdiqlash bo‘yicha majburiy tartiblarni joriy etish;
▪️ Chet el fuqarolarining Rossiyadagi huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va boshqa hayot sharoitlariga moslashishi uchun sharoit yaratish.
▶️ Migratsiya qonunchiligi buzilishining oldini olish, aniqlash va ularga qarshi kurashish tizimini mustahkamlash, shuningdek, migratsiya nazorati samaradorligini oshirish uchun davlat boshqaruvining raqamli infratuzilmasini faol rivojlantirish va zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish.
▶️ Xalqaro huquqning umume’tirof etilgan me’yorlari va Rossiya qonunchiligiga muvofiq ayrim toifadagi xorijiy fuqarolarga gumanitar yordam ko‘rsatish.
Ana endi batafsilroq izoh
Konsepsiya Rossiyaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shadigan migratsiya vaziyatini yaratish, uning xavfsizligini ta’minlash, milliy mehnat bozorini himoya qilish, millatlararo totuvlikni mustahkamlashga qaratilgan. Unda tabiiy demografik dinamika mehnat resurslarini to‘ldirishning asosiy manbai bo‘lishi kerakligi, migratsiya iqtisodiy muammolarni hal qilishda faqat yordamchi vosita bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlanadi.
Asosiy yangiliklardan biri raqamli texnologiyalarni keng joriy etishdir. Rossiya hukumati mamlakatga kiruvchi va istiqomat qiluvchi barcha chet el fuqarolari uchun «raqamli profil» yaratishni rejalashtirmoqda. Biometrik ma’lumotlar — fotosuratlar va barmoq izlari nafaqat chegarada, balki Rossiyadan tashqarida ham maxsus dasturlar orqali to‘planadi. Sun’iy intellekt katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlash uchun ishlatiladi. Vizasiz mamlakatlar fuqarolari uchun elektron kirish bildirishnomasi mexanizmi yaratiladi.
Konsepsiyada Rossiya iqtisodiyoti ehtiyojlariga mos ravishda ishchilarni «uyushgan holda yollash»ga urg‘u berilgan. Shu maqsadda xorijliklarni to‘g‘ridan to‘g‘ri yashash mamlakatlarida tanlash va o‘qitish infratuzilmasi yaratiladi. Ish beruvchilarning mas’uliyati ortadi: ular xodimning Rossiyada bo‘lishiga javobgar bo‘ladi, mehnat shartnomalari elektron shaklda tuziladi.
Hujjatda, shuningdek, migrantlarga nisbatan qattiqroq talablar belgilab berilgan: mamlakatda qolish uchun ulardan rus tilini bilishi, Rossiya tarixi va mamlakat qonunchiligi asoslarini bilishi talab etiladi. Tegishli sertifikatlarni faqat davlat organlari berishi mumkin.
Bundan tashqari, imtihonlarni o‘tkazish uchun huquq va majburiyatlarni uchinchi shaxslarga o‘tkazish taqiqlanadi va asosiy umumiy ta’lim dasturlariga faqat Rossiyada qonuniy yashayotgan, majburiy bepul testdan o‘tgan chet elliklar yo‘naltiriladi.
Mahalliy hokimiyat organlariga chet el fuqarolarini alohida munitsipalitetlarda ro‘yxatga olish bo‘yicha cheklovlar qo‘yish huquqi beriladi. Bu chora etnik anklavlar shakllanishining oldini olishga qaratilgan. Bundan tashqari, mehnat migrantlarining ishlamaydigan va o‘qimaydigan oila a’zolarining Rossiyada bo‘lishini cheklash choralari ko‘riladi.
Rossiyaga «an’anaviy rus ma’naviy-axloqiy qadriyatlari»ni xurmat qiladigan chet elliklarni, shuningdek, davlat ko‘chirish dasturi qo‘llanilayotgan vatandoshlarni jalb qilishga ustuvor ahamiyat beriladi.
Noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish uchun ichki ishlar organlariga ma’muriy deportatsiyani qo‘llash vakolati beriladi, Rossiya Federatsiyasida noqonuniy yashayotgan shaxslarga bitimlar tuzish va boshqa fuqarolik-huquqiy munosabatlarga kirishish taqiqlanadi.
Rossiya hukumati qanday natijalarni kutmoqda
2030 yilgacha konsepsiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar qatoriga quyidagilar kiradi:
▪️ Rossiya Federatsiyasida noqonuniy yashayotgan chet elliklar soni qisqarishi;
▪️ Migrantlar o‘rtasida ma’muriy huquqbuzarliklar soni kamayishi;
▪️ Chet el fuqarolarining maktabga bormayotgan bolalari soni qisqarishi, Rossiya universitetlari va ilmiy tashkilotlarida chet ellik talabalar sonining ko‘payishi;
▪️ Maqsadli ishga qabul qilish orqali jalb qilingan chet elliklar ulushining oshishi;
▪️ An’anaviy rus ma’naviy-axloqiy qadriyatlarini xurmat qiladigan ko‘chib keluvchilar sonining ko‘payishi.
Rossiya Ichki ishlar vazirligi migratsiya siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun mas’ul etib tayinlandi. Hukumatga 2025 yil oxirigacha mazkur hujjatni amalga oshirish rejasini tasdiqlash, uning ijrosini ta’minlash hamda har yili Prezidentga ish yuzasidan hisobot taqdim etish vazifasi topshirildi. O‘lka va mahalliy hokimiyat organlariga migratsiyaga oid faoliyatida konsepsiya qoidalariga amal qilish tavsiya etiladi.
-
14 oktyabr14.10O‘rta asrlar tomon ortga bir qadamNima uchun Qirg‘iziston o‘lim jazosini tiklamasligi kerakligi haqida -
13 oktyabr13.10FotoO‘zbekiston mushuklari xalqaro darajaga chiqdiToshkentda WCF Cat Show 2025 mushuklar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi -
06 oktyabr06.10Barcha zamonlar kalendariHozirgi turkiy xalqlar birlasha oladimi? -
02 oktyabr02.10«Qo‘rquv bo‘lmadi — mavhumlik yurakni g‘ashlardi»Svyatoslav Kaverin bugungi Afg‘oniston haqida nimalarni bilmasligimiz va bilishimiz kerak bo‘lgan narsalar haqida -
30 sentyabr30.09Cho‘kib borayotgan dengizNima uchun To‘qayev sayyoradagi eng katta yopiq suv havzasi taqdiri haqida qayg‘urmoqda? -
26 sentyabr26.09FotoBozorga keng nazarAnzor Buxarskiy bilan Farg‘ona vodiysi bo‘ylab fototur



